Qanday go'zal bu olam
Rauf Tolib · She'r
Yasharar, yashnar olam,
Jilo berar o'ziga.
Hattoki maysalar ham
Boshqachadir ko'zimga.
Chorlaydi quchog'iga
Jilva qilib bu hayot.
Yuguraman, chopaman,
Orzudan bog'lab qanot.
Hadya etadi bog'lar
Menga bir olam qo'shiq.
Shamol meni quchoqlar: —
Yur, — der, — maqsadga oshiq!
Bildim, intilish, izlash —
Hayotimning mazmuni.
Do'stlarim — hamroh, safdosh,
Yuragimning ustuni.
Urilib toshdan toshga,
Oqadi tog' suvlari.
Yo'q, u qalbimdan toshgan
Hislarim, tuyg'ularim.
Ufqlar ochar quchoq,
Ta'zim etar tog'lar ham.
Qanday yaxshi yashamoq,
Qanday go'zal bu olam!
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: Sinonimlarni toping
- 2-topshiriq: Bandlarni tartibga keltiring
- 3-topshiriq: Yozma topshiriq
- 4-topshiriq: Og'zaki savollar