← Javonga qaytish

Mikrob, virus va Salomat qiz haqida ertak (I qism)

Kavsar Turdiyeva · She'r

Bor ekan-u, yo'q ekan,
Och ekan-u, to'q ekan,
Ota-ona yolg'izi
Bor ekan bitta qizi.
Ismi ekan Salomat,
Chiroyli va xushqomat.
Xo'b orasta yurarkan,
Jismoniy mashq qilarkan.
Kerak bo'lganda har dam
Berarkan zarur yordam.
Bir kun ko'ribdi u tush:
Kichik odamlar xomush
Yoniga kelgan emish,
Shu so'zni degan emish:
"Qo'rqib ketmagin faqat,
Sen tomonga, Salomat,
Bizni keltirdi qayg'u,
Bir oy bizni ezdi u.
Bir dushman nomi — Mikrob,
Yonida Virus-xarob.
Yurtimiz bosib oldi,
Odamlar holdan toydi.
Munajjimlar yulduzga
Qarab dedilar bizga:
"Xaloskorimiz faqat,
Bir qiz — ismi Salomat.
Yuguringlar, yelinglar,
Uni olib kelinglar.
Kimgaki yordam kerak,
U doim berar ko'mak!"
Va biz otlandik yo'lga,
Maqsadni tugib dilga.
Rosa yugurdik, chopdik,
Nihoyat, seni topdik.
Voqeani bilgach qiz,
Boshin chayqar: "Eh, esiz!"
So'ng ancha o'ylab qolar,
Qoliga to'rva olar.
Unga solar sarimsoq,
Piyoz, qalampirmunchoq,
Yalpiz va yerqalampir,
Na'matak va zanjabil,
So'ng yasab ancha niqob,
"Yuringlar!" debdi shu tob.
Shivirlab, yumgancha ko'z,
Aytilar sehrli so'z:
"Shumati, bumati, davara,
Qiynalmay, bo'lmayin ovora,
Samoni bir zumda quchaylik,
'Yash' sayyorasiga uchaylik!"
Shu payt ularni bo'ron
Eltdi o'sha yurt tomon.
Hamma yoqda oh-u voy,
Bemorlarga yetmas joy.
Yo'tal, aksirish, hiqichoq,
Og'riqlardan oh-u voh.
Mikrob virus yonida,
Burnidir osmonida,
Yurishibdi gerdayib,
Kasalliklarni yoyib.
Biri qirol, biri shoh
Juda ham qalin o'rtoq.
Yonlarida vazir Gripp,
Oyna-eshikni yopib
Tumov hamda shamollash,
Deguningcha hash-u pash,
Yetib kelar yoningga,
Og'riq berar joningga.
Salomat jimib qoldi,
Atrofga nazar soldi.
Nima qilsa bo'ladi?
Qizcha shuni o'yladi.

Topshiriqlar