Temir qoziq
O'tkir Hoshimov · Hikoya
Tengqur bolalar bilan jiydazorda mol boqardik. Adashmasam, o'shanda beshinchi sinfda o'qirdim. Jiydazorda o't ko'p. Bekinmachoq o'ynashga ham qulay joy. Faqat kun botar-botmas, har kim o'z molini yetaklab, uyiga jo'nar, jiydazorda ajina bor, yolg'iz yursang, og'zingni qiyshaytirib ketadi, degan vahima gaplar yurardi.
Mening sigirim yuvosh bo'lsa ham, bir aybi bor. Nuqul qozig'ini sug'urib daydib ketardi. Bilasiz, qoziq yog'ochdan yasaladi. Har kuni qoqavergandan keyin boshi yediriladi, sinadi. Qarabsizki, boshqa qoziq yasash kerak...
Shunday kunlarning birida temir qoziq topib oldim. Boshida halqasi ham, hatto uzilib qolgan bir-ikki qarich arqoni ham bor. O'rtoqlarimdan "Kimning qozig'i?" — deb so'rasam, egasi chiqmadi. Sevinib ketdim. Sigirimni yangi qoziqqa bog'lab qo'ydim. Endi sug'urib ko'rsin-chi!
O'sha kuni emas-ku, ertasiga g'alati ish bo'ldi. Kechasi endi uxlagan ekanman, oyim: "Adang chaqiryaptilar, turarkansan" — deb qoldi. Hayron bo'lib ayvonga chiqsam, otam qovog'ini uyib o'tiribdi. Qo'lida o'sha temir qoziq.
— Qayoqdan olding buni? — dedi tahdid bilan.
— Topib oldim.
— Qayerdan?
— Jiydazordan.
— Qaysi jiydaning tagidan?
— Qiyshiq jiydaning.
— Jiydaning to'g'risi bo'lmaydi. Qaysi birining tagidan? Ko'rsan, taniysanmi o'sha jiydani?
— Taniyman, — dedim qo'rqa-pisa.
Otam qo'limga qoziqni tutqazdi.
— Xuddi o'sha jiydaning tagiga tashlab kelasan.
Yuragim orqamga tortib ketdi. Jiydazorda ajina borligini esimga tushib, talmovsirab qoldim. Ayvon burchagida turgan oyim yalindi:
— Tashlab keladi, adasi, tong otsin, albatta, tashlab keladi.
— Sen aralashma! — dedi otam e'tirozga o'rin qoldirmaydigan ohangda.
Uyg'onib, ichkaridan chiqqan akam hammasini tushundi, shekilli, nimchasini kiya boshlagan edi, otam jerkib berdi:
— Sen qayoqqa?
— Birga borib kelamiz.
— Yo'q! — dedi otam shiddat bilan. — O'zi topganmi, o'zi oborib qo'yadi.
Kuz. Salqin tushib qolgan. G'ira-shira ko'raydi... Qo'limda muzdek temir qoziq bilan yo'lga tushdim.
Jiydazor-ku, uzoq emas. Ammo unga yetguncha Darxon arig'i ustidagi ko'hna ko'prikdan o'tish kerak. Odam yolg'iz qolsa, kunduzi ham qo'rqadigan qing'ir-qiyshiq jiyda chakalakzori orasiga kirish kerak.
Salqin havodan mi, qo'rquvdanmi oyog'im qaltirab ko'prikdan o'tdim. G'ira-shira ko'rinayotgan sirli sukunat cho'kkan jiydazorga kirdim. Nazarimda, har bir daraxt orqasida nimadir berkinib turgandek edi. Qayerdadir boyqush "huv-huv" ladi...
Rostini aytsam, Qonqus bo'yigacha bormadim. Qo'limdagi qoziqni kuchim boricha uloqtirib, orqaga qarab yugurdim.
Oyim bilan akam ko'chaga chiqib kutib turishgan ekan...
Labimga uchuq toshib, bir-ikki kun achishib yurganini hisobga olmaganda, hech nima bo'lmadi... faqat oradan bir oycha o'tgach, otam shu masalaga qaytib, bir gap aytdi:
— Sen topib olgan qoziqqa bog'langan sigir arqonini uzib, adashib ketgan bo'lsa, yoki birov o'g'irlagan bo'lsa-da, qoziq sening uyingdan chiqsa, egasi seni o'g'ri gumon qilsa, nima bo'ladi?
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: To'g'ri javobni tanlang
- 2-topshiriq: Voqealar ketma-ketligi
- 3-topshiriq: Bo'sh joyni to'ldiring
- 4-topshiriq: Og'zaki savollar
- 5-topshiriq: Yozma topshiriq