Ukam
Hamza Imomberdiyev · She'r
Boya kelib "Tez yordam"
Ukamni olib ketdi.
To'xtamasdan, damo-dam
Signalin chalib ketdi.
Orqasidan termilib
Qoldim, ko'nglim buzildi.
Ushbu damda ukamning
Qadri juda sezildi.
Tushunolmay qoldim men
Bilmam, nima bo'lyapti?
Ko'zim ham o'z-o'zidan
Jiq-jiq yoshga to'lyapti.
Ukajonim, sog'ayib,
Tezroq qaytgin yonimga.
Bundan keyin yashayman
Qarab sening ra'yingga.
Kerak bo'lsa, bog'chaga
Chiqmay senga qarayman.
Kichikmasman, har qalay,
Ovutishga yarayman.
O'yinchoqning hammasi
Senga bo'lsin, ola qol.
Mayli, simi uzilsin,
Rubobni ham chala qol.
Ne xohishing bor bo'lsa,
Bajaraman, aytsang bas.
Ukajonim, sog'ayib
Tezroq uyga qaytsang bas.
Topshiriqlar
- 2-topshiriq: Bo'sh joyni to'ldiring
- 3-topshiriq: Qaysi asardan?
- 4-topshiriq: Og'zaki savollar
- 5-topshiriq: Yozma topshiriq