Arining qasosi (I qism)
Muhabbat Hamidova · Hikoya
Sardor sigirini soyaga olib, o'rtog'i O'tkir bilan daladan qaytarkan atrofi beton g'isht bilan o'ralgan paxta titish sexi yonida to'xtab qoldi.
- O'tkir, qara, anavi devorning orasida qovog'arining uyasi bor ekan. Hozir uchta ari ketma-ket kirib ketdi, - dedi g'ishtlar ochiq joyga ishora qilib.
- E, qovog'ari juda yomon, bir marta buzog'imni chaqqanda hamma yog'i shishib ketgan. Mol do'xtiri Murod amaki uch kun ukol qilib, zo'rg'a tuzatib bergan. Arilarni yo'qotish kerak, - deya O'tkir atrofga qarab nimanidir qidirdi. Keyin asta borib, daraxt tagida yotgan uzun cho'pni oldi.
- Jinnimisan, inini buzmoqchimisan? Uning jahli yomon, dabdalamizni chiqaradi, - dedi qo'rqib ketgan Sardor.
- Buzamiz-u, qochamiz. Kim qilganini bilmay qoladi, - dedi O'tkir, yoriqqa cho'p tiqib kovlarkan. Kovladi-yu, cho'pni ham olmasdan ura qochdi. Sardor cho'pni olib tashlamoqchi bo'lgandi, ikki-uchta ari vizillab uyadan chiqdi.
Ular Sardorga e'tibor ham bermay, O'tkirni quvlashga tushdi. Qo'rqib ketgan Sardor o'rtog'ining ketidan yugurdi. Tepasida o'zidan ortiq ari xuddi bombaga ketayotgan samolyotlarday bir safga tizilib uchardi. Qizig'i, ular Sardorga qarashmasdi ham. Arilarning o'zidan uzoqlashganini sezgach, Sardor nafasini rostlash uchun ariq chetidagi tut soyasiga o'tdi.
- Uff, xayriyat topisholmadi, - degan ovozni eshitib, tepaga qaradi.
- Tavba, qanday ulgurding, yaxshiyam seni ko'rishmadi, bo'lmasa do'mbira qo'zi qilib chiqib tashlashardi.
- Meni bilasan-ku, shamoldan ham tez yuguraman, - maqtandi O'tkir. Keyin hayron bo'lib Sardorga qaradi. Qiziq, nega ular senga tegishmadi? Yoki uyalarini sen buzmaganingni bilishdimikan-a?
- Men ham shunga hayronman. Qulog'im tagidan viz-viz uchib, osmonga ko'tarilishdi. Voy, - o'rnidan turib ketdi Sardor, - ular qaytishyapti, berkin.
O'tkir tutlarning panasiga o'tdi. Uch-to'rtta ari shundoq tepalaridan uchib o'tdi. Lekin ikkitasi tut atrofida ikki-uch bor aylandi. Sardorning naq peshonasi tepasida vizillashdi. Sardor beixtiyor qo'llari bilan yuzini to'sdi. Arilar o'yinlarini qattiq-qattiq silkitib yig'ib olishdi-da, uyalari tomon uchib ketishdi. Ikki o'rtoq uyga qaytarkan, O'tkir arilarni qanday chalg'itganini ko'pirib maqtanardi...
Topshiriqlar
- 1-topshiriq
- 2-topshiriq
- 3-topshiriq
- 4-topshiriq: Og'zaki savollar