Qum qayerdan paydo bo'lgan?
"Bolalar ensiklopediyasi ertaklarda" kitobidan · Hikoya
Yozda Valining dadasi uni dengizga olib boribdi. Salqin shabada, ajoyib to'lqinlar, issiqqina qum, bundan ortiq yana nima kerak?
U yerda Vali qumdan minoralar yasabdi, ko'llar qazibdi, issiqqina qumda yumalabdi, rohatbaxsh suvda cho'milibdi, xullas maza qilib dam olibdi.
— Dada, qum qayerdan paydo bo'lgan? — deb so'rabdi u dadasidan.
— Qadim-qadimda yer yuzida hech qanday qum bo'lmagan, faqat qoyalar, tog' jinslari va otilib chiqayotgan vulqonlar bo'lgan, xolos. Keyin suv, havo va qum paydo bo'lgan. Suv va shamol tog'larni buzib yiqitgan. Natijada tog' bo'laklarga bo'linib ketgan. Bora-bora bu bo'laklar qumdek maydalanib ketgan. Qumlar dengizlar ostiga borib qolgan.
— Sahrolardagi qum qayerdan kelgan?
— U yerga qumni shamol olib borgan. Ko'pgina sahrolar o'rnida esa ilgari dengiz va okeanlar bo'lgan. Ha, aytganday, qumlar yana har xil rangli bo'ladi. Bu qumning qaysi tog' jinsi bo'laklaridan paydo bo'lganiga bog'liq. Pushti, oq rangdagi qumlar bor. O'rtayer dengizi qirg'oqlari Sahara sahrosining sariq rangdagi qumlari bilan qoplangan. Bu qumlar sariq chaqmoqtoshdan tashkil topgan. Taiti plyajining qora rangli qumi esa vulqon lavasi natijasida paydo bo'lgan. Shuning uchun ham u qora rangda.
— Qoyil! Demak, qum tog' bo'laklari ekan-da?!
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: To'g'ri yoki Noto'g'ri
- 2-topshiriq: To'g'ri javobni tanlang
- 3-topshiriq: Qum paydo bo'lish jarayonini tartiblang
- 4-topshiriq: Og'zaki savollar
- 5-topshiriq: Yozma topshiriq