← Javonga qaytish

Qushlar qanday inlarda yashaydilar?

"Bolalar ensiklopediyasi ertaklarda" kitobidan · Ertak

Qadim zamonda bir baliqchi qush bo'lgan ekan. Uning tuxum qo'yib, bolalaydigan payti yaqinlashibdi. Baliqchi qush: "Qanday in qursam ekan?" deb o'ylanib qolibdi. O'ylab-o'ylab, oldin boshqa qushlarning qanday in qurishlarini bilib olishga qaror qilibdi.

— Yur, senga o'z inimni ko'rsataman, — deb Qarg'a uni iniga taklif qilibdi. — Bu yerda bolalarim uchun keng joy qilib qo'yganman, — debdi u.

Baliqchi qushga Qarg'aning ini sira yoqmabdi. Bir uyum katta-kichik shox-shabbalar har tarafga sochilib yotgan emish.

Shunda u boshqa inni ko'rgani ketibdi. Uchib borib chumchuqning iniga qo'nibdi. Chumchuq o'zi uchun dumaloq shakldagi, tepasida teshigi bor in qurgan ekan.

— Yaxshi, qulaygina uya ekan, lekin buning tashvishi-chi? Men bunday uy qurguncha charchab qolaman-ku, axir? — deb o'ylabdi o'zicha Baliqchi qush.

— Shu ham ish bo'ldimi? — debdi yovvoyi tovuqlar birvarakayiga. — Biz bo'lajak jo'jalarimiz uchun qanday in qurganimizni bir qaragin-a! Oldin yerdan yarim metr chuqurlikda o'ra kovlab, keyin uch oy davomida tepalik quramiz, — deyishibdi ular.

— Men esa o'zimga loydan in quraman, — debdi qaldirg'och.

— Men esa qirg'oq bo'ylarida chuqurcha qaziyman, — debdi qirg'oq qaldirg'ochi.

— Buncha ortiqcha harakatning nima keragi bor? — deb ajablanibdi Boyqush. — Masalan, men qizilishton daraxtda qoldirgan eski teshikni topib olib, shuning ichida tinchgina yashayveraman.

— Men ham o'zimni qiynab o'tirmayman, — debdi Kakku. — In qurishning nima keragi bor o'zi? Tuxumlarimni begona qushlar iniga tashlayman-u, ketaveraman. Boshqa qushlar bolalarimni boqib katta qilishsin.

— Yo'q, men bunday qilolmayman, — deya e'tiroz bildiribdi Baliqchi qush. — Mening tuxumlarimni begona joylarga tashlab ketish niyatim yo'q.

Baliqchi qush uchib yurib, inlarni birma-bir tomosha qilib chiqquncha, uning tuxum qo'yadigan payti ham kelib qolibdi. Shunda u tuxumlarini o'zi yashaydigan qirg'oq bo'yidagi yerga qo'yibdi va shu yerda jo'jalarini parvarishlab o'stiribdi.

Topshiriqlar